O‘zbekiston va Serbiya mehnat muhofazasi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga tashrifi doirasida tomonlar xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hujjat imzoladilar.
Kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, ish joylarida xavfsizlik darajasini oshirish, xodimlarning hayoti va salomatligini himoya qilish, shuningdek, tajriba almashish va mehnatni muhofaza qilish sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarini taʼminlash bo‘ladi.
Tomonlar, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish tizimlarini takomillashtirish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish masalalariga eʼtibor qaratish niyatida.
Mehnat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha xalqaro tajriba va zamonaviy usullarni o‘rganishga alohida ahamiyat beriladi. Keyinchalik amaliyotda eng samarali yondashuvlarni qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Mehnat davlat inspeksiyasi uchun ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda qoidabuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Xorijiy hamkorlar bilan tajriba almashish amalda qo‘llanilayotgan yondashuvlarni o‘rganish va ularni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga imkon beradi.
Xodimlarning hayoti va salomatligini asrash masalalari O‘zbekistonning mehnat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.