Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Istanbul shahrida firibgarlikda ayblanayotgan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi.
Qo‘lga olingan shaxs keyinchalik O‘zbekistonning sud organlariga topshirildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, erkak O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi, yaʼni firibgarlik jinoyati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qidiruvda bo‘lgan.
Uning qo‘lga olinishi O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining hamkorligi natijasida amalga oshirildi.
Hozirda jinoyatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.