Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston sportchilari Yaponiyada o‘tkazilayotgan Aichi-Nagoya 2026 Para Osiyo o‘yinlarida yana sakkizta medal — ikkita oltin, to‘rtta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik paralimpiyachi ayollar ikkala oltin medalni yadro uloqtirish musobaqasida qo‘lga kiritib, rekordlar ham o‘rnatdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Ayollar o‘rtasida para yengil atletika bo‘yicha F40 toifasida o‘tkazilgan musobaqada Madina Muxtorova yadroni 9,10 metrga uloqtirib, Osiyo rekordini o‘rnatdi va chempionlikni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonning yana bir vakili Farog‘at Muhammadqulova 7,54 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Kumush medal Birlashgan Arab Amirliklari sportchisiga nasib etdi.
F41 toifasida o‘zbekistonlik sportchilar dastlabki ikki o‘rinni egalladi. Navro‘za Ahmatova 10,02 metr natija ko‘rsatib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Kubaro Hakimova esa 9,71 metr natija bilan kumush medal sohibi bo‘ldi. Bronza medali Xitoy vakiliga nasib etdi.
Yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda ham O‘zbekiston terma jamoasi yana ikkita medal oldi. T47 toifasida balandlikka sakrash bahslarida Muhammadabdulloh Tursunjonov 1,94 metr balandlikni zabt etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. T36 toifasida 100 metrga yugurishda esa Doston Qahhorov 11,88 soniya natija bilan marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi.
Para suzish bo‘yicha Sardor Baxtiyorov kumush medal oldi. S7 toifasida erkin uslubda 100 metrga suzish finalida u 1 daqiqa 4,91 soniya natija ko‘rsatib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
Para taekvondo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 63 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Qudratjon Haydarov finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda u mo‘g‘ulistonlik sportchiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, kumush medal sohibi bo‘ldi.