7
Sport

O'zbekiston 2027-yilgi Jahon shaxmat kubogi uchun ikkita kvota oldi

O'zbekiston 2027-yilgi Jahon shaxmat kubogi uchun ikkita kvota oldi
O'zbekiston 2027-yilgi Jahon shaxmat kubogi uchun ikkita kvota oldi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 2027 yilda shaxmat bo‘yicha o‘tkaziladigan Jahon kuboklariga ikkita kvota oldi. Ulardan biri ochiq toifaga, ikkinchisi esa ayollar toifasiga ajratildi. Saralash o‘rinlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yakunlari bo‘yicha Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan taqsimlandi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) xabar berdi.

Olimpiadada birinchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi mamlakatga ochiq toifadagi Jahon kubogi uchun kvotani taʼminladi. Musobaqani 13-o‘rinda yakunlagan ayollar terma jamoasi esa ayollar o‘rtasidagi Jahon kubogida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

FIDE qoidalariga muvofiq, kvota Olimpiadada milliy terma jamoa safida ishtirok etgan shaxmatchilardan biriga beriladi. Agar jamoaning barcha aʼzolari boshqa yo‘l bilan saralashdan o‘tgan bo‘lsa yoki musobaqada qatnashishdan bosh tortsa, milliy federatsiya boshqa shaxmatchini tanlashi mumkin.

Olingan kvotalardan foydalanadigan shaxmatchilarning yakuniy ro‘yxatini 2027 yil 1–15 iyul kunlari tasdiqlash rejalashtirilgan.

Olimpiada yakunlariga ko‘ra, ochiq toifadagi 2027 yilgi Jahon kubogi uchun jami 83 ta milliy federatsiya, ayollar o‘rtasidagi Jahon kubogi uchun esa 45 ta federatsiya kvota oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.