Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik dzyudochilar Fotimaxon Tursunboyeva (48 kg gacha) va Nizomiddinxo‘ja Toshpo‘latov (73 kg gacha) Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan Aktau Asian Open 2026 turniri g‘olibiga aylandi. Halimajon Qurbonova (48 kg gacha), Muhayyo Ahmatova (57 kg gacha) va Sarvinoz Husanova (63 kg gacha) bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Tursunboyeva turnir davomida to‘rtta bellashuv o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozondi. U 1/8 finalda qozog‘istonlik Zere Otepqalini ippon bilan sof g‘alabaga uchratdi. Chorak finalda esa qozog‘istonlik Sabina Yuldashbekovadan ustun keldi. Yarim finalda Tursunboyeva o‘zbekistonlik Halimajon Qurbonovadan ham ippon hisobiga g‘alaba qozondi. Finalda u qozog‘istonlik Simbat Tagay bilan kuch sinashib, ikki vaza-ari bahosi evaziga g‘alaba qozondi.
Qurbonova ham shu vazn toifasida yarim finalgacha yetib bordi. U qozog‘istonlik ikki sportchini mag‘lub etdi: Aydana Hasenqizini ikki vaza-ari bahosi bilan, Iyanat Jubatxanni esa vaza-ari bahosi hisobiga yengdi. Yarim finalda Tursunboyevaga mag‘lub bo‘lgan Qurbonova bronza medali uchun bellashuvda qozog‘istonlik Diana Burkeyevani ikki vaza-ari bahosi bilan mag‘lub etdi. Shu tariqa, 48 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida O‘zbekiston dzyudochilari ikkita medalni qo‘lga kiritdi.
Nizomiddinxo‘ja Toshpo‘latov 73 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida ham to‘rtta bellashuvning barchasida g‘alaba qozondi. U 1/8 finalda Qirg‘iziston vakili Nikita Mazurni ippon bilan mag‘lub etdi, keyin esa ozarbayjonlik uch nafar dzyudochini ketma-ket yengdi. Chorak finalda Nariman Mirzayevni ippon bilan, yarim finalda Rufat Shovlatovni mag‘lub etdi. Finalda esa Kamran Sulaymonov ustidan ikki vaza-ari bahosi evaziga g‘alaba qozondi.
Muhayyo Ahmatova 57 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida musobaqani qozog‘istonlik Ayaulim Kalmirza ustidan sof g‘alaba bilan boshladi. Keyin Inkar To‘lepbergenovani vaza-ari bahosi hisobiga mag‘lub etdi. Yarim finalda u qozog‘istonlik Dina Muxanbetga yuko bahosi bilan mag‘lub bo‘ldi. Bellashuv 9 daqiqa 50 soniya davom etdi. Bronza medali uchun kechgan bahsda Ahmatova o‘zbekistonlik Nilufar Yermaganbetovani ippon bilan yengdi.
Sarvinoz Husanova 63 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida chorak finalda qozog‘istonlik Nuray Jenis ustidan g‘alaba qozonib, musobaqani davom ettirdi. Yarim finalda u qozog‘istonlik Samalay Yergaliyevaga vaza-ari bahosi bilan mag‘lub bo‘ldi. Bronza medali uchun bellashuvda Husanova qozog‘istonlik Valeriya Postnikova ustidan ippon bilan g‘alaba qozondi.
Avval xabar qilinganidek, Olimpiya chempioni Diyora Keldiyorova ham Aktau Asian Open 2026 turnirida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U finalda ozarbayjonlik dzyudochini mag‘lub etdi.