7
Iqtisod

“Navoiy” aeroporti va Harvest Epoch Strategic yuk tashishni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib oldi

“Navoiy” aeroporti va Harvest Epoch Strategic yuk tashishni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib oldi
“Navoiy” aeroporti va Harvest Epoch Strategic yuk tashishni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib oldi / Foto: Uzbekistan Airports.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Navoiy” xalqaro aeroporti va Harvest Epoch Strategic kompaniyasi havo orqali yuk tashish sohasidagi strategik sheriklikni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib oldi. Hujjatda ishlarning bosqichlari, muddatlari va tomonlarning masʼuliyat doiralari belgilangan.

Hamkorlik 2026 yil 9 fevralda qabul qilingan “Navoiy” xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori doirasida rivojlantirilmoqda. Hujjat aeroportni Yevroosiyodagi eng yirik xalqaro multimodal yuk xabiga aylantirishni nazarda tutadi.

Harvest Epoch Strategic kompaniyasi bilan strategik ittifoq tuzish to‘g‘risidagi ramkaviy kelishuv 2026 yil 9 sentyabrda Gonkongda «Bir makon, bir yo‘l» sammiti doirasida imzolangan.

“Navoiy” xalqaro aeroporti direktori Alisher Qilichevning maʼlum qilishicha, tomonlar noyabr oyida yakuniy kelishuvni imzolash va olti oylik pilot loyihani ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Harvest Epoch Strategic aeroportning tijorat agenti vazifasini bajaradi. Kompaniyaning vazifalari aviakompaniyalar va logistika operatorlarini jalb qilish, shuningdek, elektron tijorat yuklari oqimini ko‘paytirishdan iborat bo‘ladi. Qilichev bu aeroport salohiyatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Loyihaning strategik maqsadi 2030 yilgacha aeroport orqali tashiladigan yuklarning yillik hajmini 45 ming tonnaga yetkazishdan iborat.

Ayni paytda qo‘shma ishchi guruh shakllantirilmoqda. Hamkorlar texnik-iqtisodiy asosning yangilangan tahririni taqdim etadi, “Navoiy” aeroporti esa tijorat shartlari, infratuzilma, tariflar va xizmatlar haqidagi maʼlumotlarni beradi.

Harvest Epoch Strategic direktorlar kengashi raisi Chan Xun To kompaniya iqtisodiyot va savdoni jadal rivojlantirish maqsadida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘prik bo‘lishga intilayotganini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish yo‘li yo‘qligini hisobga olganda, Xitoy bilan “Navoiy” aeroporti o‘rtasidagi hamkorlik mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi mumkin.

Uning maʼlum qilishicha, keyingi bosqichda keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oluvchi tijorat hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi.

Chan Xun To hamkorlik Navoiy orqali amalga oshiriladigan aviaqatnovlar sonini ko‘paytirishga va O‘zbekiston mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Bundan tashqari, uning fikricha, aeroportning Markaziy Osiyo markazida joylashgani uni Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun muhim logistika nuqtasiga aylantiradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.