7
Iqtisod

Mirziyoyev China Energy kompaniyasini Navoiy viloyati suv taʼminotiga investitsiya kiritishga chaqirdi

Mirziyoyev China Energy kompaniyasini Navoiy viloyati suv taʼminotiga investitsiya kiritishga chaqirdi
Mirziyoyev China Energy kompaniyasini Navoiy viloyati suv taʼminotiga investitsiya kiritishga chaqirdi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning China Energy International kompaniyasini Navoiy viloyatining suv taʼminoti tizimiga qo‘shimcha investitsiyalar kiritishga chaqirdi.

Bu masala 16 oktyabr kuni davlat rahbarining Xitoyning CAMCE, China Energy va Sinoma Energy kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, Ummonning Voltamp Energy kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sayid Ayman al-Busaydiy bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoylik investorlar bilan muzokaralar davomida tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, energiyani to‘plash tizimlari, chiqindilarni qayta ishlash va suv taʼminoti sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, Andijon viloyatida logistika xabini tashkil etish, agrovoltaikani rivojlantirish va neft-gaz sohasidagi loyihalarni amalga oshirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

China Energy International prezidenti Syao Syuebin «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida uchrashuvni samarali deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyev CEEC kompaniyasi bilan hamkorlikning ahamiyatini alohida taʼkidlab, uni Navoiy viloyati suv taʼminotini rivojlantirishga investitsiya kiritishdagi ishtirokini kengaytirishga chaqirgan.

«Prezident qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiyani saqlash tizimlari va ishonchli elektr tarmoqlarini rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, u bizni Navoiy viloyatining suv taʼminoti tizimiga yangi investitsiyalar kiritishga chaqirdi», — dedi Syao Syuebin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, uchrashuv yakunlari bo‘yicha vazirlar va Bosh vazir o‘rinbosarlariga kompaniya faoliyatiga ko‘maklashish hamda yangi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish topshirilgan.

Sinoma Energy Conservation kompaniyasi raisi Sinlin Men ham O‘zbekistondagi faoliyat natijalari haqida so‘zlab berdi. Uning taʼkidlashicha, kompaniya Navoiy viloyatida quyosh energetikasi va energiyani to‘plash bilan bog‘liq birinchi loyihasini yakunlagan.

«Loyiha natijalari haqida maʼlumot taqdim etganimizda, Prezident janoblari mamnuniyat bildirdi va kelgusida ham bizni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Biz O‘zbekistonga investitsiya kiritish va aholi turmush sifatini yaxshilashga hissa qo‘shishdan mamnunmiz», — dedi Sinlin Men.

Ummonning Voltamp Energy kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda quyosh elektr stansiyalarini qurish va kuch transformatorlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari muhokama qilindi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.