Shoshilinch
Iqtisod

Uzum AQSHdan yangi investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda

Uzum AQSHdan yangi investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda
Uzum AQSHdan yangi investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Uzum texnologik kompaniyasi xalqaro investitsiyalarni, jumladan, AQSHdan sarmoya jalb qilishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya yevroobligatsiyalar bozoriga chiqish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kompaniya hammuassisi, strategiya va biznesni rivojlantirish direktori Nikolay Seleznyov Bloomberg agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, aksiyalarni birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirish Uzum strategiyasining yakuniy maqsadi emas, balki biznesni rivojlantirish bosqichlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekistonning birinchi ommaviy texnologik kompaniyasiga aylanishni va shu asosda o‘z strategiyasini amalga oshirishni davom ettirishni maqsad qilgan.

Seleznyov O‘zbekiston va Uzum turli mamlakatlardan kapital jalb qilish imkoniyatiga ega ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, so‘nggi 18 oy ichida kompaniya Xitoy, AQSH va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalar olgan.

Uning baholashicha, Xitoyning Tencent kompaniyasi Uzum kapitalida ishtirok etayotgani AQSH va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik sharoitida amerikalik investorlarni jalb qilishga to‘sqinlik qilmasligi kerak.

Intervyuda kompaniya biznesining kreditlash yo‘nalishini moliyalashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Seleznyovning maʼlum qilishicha, ushbu segmentni kengaytirish katta miqdordagi mablag‘ni talab qiladi. Biroq kompaniya zarur kapitalni jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ichki bozorida ishonchli emitentlarga, ayniqsa, milliy valyutada qarz moliyaviy instrumentlarini joylashtirishda talab yuqori bo‘lib qolmoqda.

Bundan tashqari, Uzum rivojlanish banklaridan ham moliyalashtirish jalb qilmoqda. Yaqinda kompaniya Yevroosiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda kreditlash hajmini oshirishini eʼlon qilgan.

Yevroobligatsiyalar chiqarish ham kompaniya ko‘rib chiqayotgan variantlardan biri bo‘lib qolmoqda. Seleznyov bu masalaga 2026 yil oxiri yoki 2027 yil boshida yana qaytilishi mumkinligini aytdi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.