7
Iqtisod

Xorijiy investorlar O‘zbekiston energetikasi bo‘yicha rejalarini maʼlum qildi

Xorijiy investorlar O‘zbekiston energetikasi bo‘yicha rejalarini maʼlum qildi
Xorijiy investorlar O‘zbekiston energetikasi bo‘yicha rejalarini maʼlum qildi / Foto: O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorijiy investorlar O‘zbekiston energetikasi va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha rejalarini maʼlum qilib, mamlakatga kiritilgan investitsiyalar hajmi va yangi loyihalar haqida axborot berdi. Bu haqdagi bayonotlar 16 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoqilg‘i-energetika sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti davomida yangradi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakat energetika sohasiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan.

Investorlar kelayotgan mamlakatlar soni o‘ntadan oshgan.

Acwa: sutka davomida 1 GVt quvvat

O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi hamraisi va Acwa kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan Qoraqalpog‘istonda sutka davomida 1 GVt quvvat bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi loyiha bo‘yicha kelishuv imzolanganini maʼlum qildi.

Loyiha qiymati taxminan 2 milliard dollarga baholanmoqda. Kompaniya kelgusi yili yana taxminan 3 milliard dollarlik kelishuvlarni imzolashni rejalashtirmoqda.

Abunayyan, shuningdek, Acwa ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va yosh mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi.

Masdar: qayta tiklanuvchi energetikada yana 2 GVt quvvat

Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil ar-Ramahiy BAA kompaniyasi O‘zbekiston bozorida 2019 yildan buyon faoliyat yuritayotganini eslatdi. O‘shandan beri kompaniya mamlakatga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritgan va umumiy quvvati 2 GVtdan ziyod bo‘lgan qayta tiklanuvchi energetika loyihalarini amalga oshirgan. Ular qatoriga quyosh va shamol elektr stansiyalari, shuningdek, energiyani to‘plash tizimlari kiradi.

Ar-Ramahiyning so‘zlariga ko‘ra, Masdar O‘zbekistonda yana 2 GVt qayta tiklanuvchi energetika quvvatlarini yaratishni rejalashtirmoqda. U uzoq muddatli investitsiyalar uchun davlat siyosati va tartibga solish tizimining barqarorligi, shuningdek, imzolangan kelishuvlarning ishonchliligi muhimligini taʼkidladi.

Mirziyoyev Masdar kompaniyasining mamlakatda quyosh energetikasini rivojlantirishdagi rolini qayd etib, kompaniya takliflari sohaning yangi yo‘l xaritasini tayyorlashda inobatga olinishini bildirdi.

China Energy International: 6 milliard dollardan ortiq loyihalar portfeli

China Energy International prezidenti Syao Syubin so‘nggi besh yilda kompaniyaning O‘zbekistondagi loyihalari umumiy qiymati 6 milliard dollardan oshganini maʼlum qildi.

U amalga oshirilgan obyektlar qatorida Buxoro viloyatidagi quvvati 1 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi va Toshkentdagi energiyani to‘plash tizimi bilan jihozlangan fotoelektrik stansiyani tilga oldi.

Sakkizta energiya to‘plash tizimini qurishda kompaniya mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlarning taxminan 40 foizidan foydalangan. Syao Syubin tender jarayonlarini takomillashtirish tashabbuslarini ham qo‘llab-quvvatlab, elektr tarmoqlarini raqamlashtirish va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Cengiz Holding: Jizzaxdagi stansiya yil oxirigacha ishga tushiriladi

Turkiyaning Cengiz Holding kompaniyasi boshqaruvi raisi Mehmet Chengiz kompaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 900 million dollardan oshganini maʼlum qildi. Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi loyihalar amalga oshirilganidan so‘ng kompaniya 2026 yil oxirigacha Jizzax viloyatida elektr stansiyasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Chengiz energetika loyihalari nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi obyektlarni qurishni, balki gaz infratuzilmasi, elektr uzatish liniyalari va taqsimlash tarmoqlarini o‘z vaqtida barpo etishni ham talab qilishini taʼkidladi. U masʼul ijrochilarni, tarmoqqa ulanish shartlarini, shuningdek, obyektlarni sinovdan o‘tkazish va qabul qilish tartibini oldindan belgilashni taklif qildi.

Prezident Cengiz Holding kompaniyasi qurilish sohasidagi tajribasini hisobga olgan holda, «Yangi Toshkent» loyihasi bo‘yicha takliflar taqdim etishiga umid bildirdi.

Vision Invest: “yashil” aeroport

Vision Invest prezidenti va bosh ijrochi direktori Umar al-Midani kompaniya Toshkentning yangi aeroportini qurish hamda amaldagi aeroportni rekonstruksiya qilishda ishtirok etayotganini maʼlum qildi. U investorlar uchun iqtisodiy inqirozlar va global beqarorlik davrlarida ham loyihalarni amalga oshirish shartlari barqaror saqlanishi muhimligini taʼkidladi.

Mirziyoyev esa Toshkentning yangi xalqaro aeroporti mamlakatdagi birinchi “yashil” aeroport bo‘lishini bildirdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.