7
Iqtisod

O‘zbekiston 2050 yilgacha energetikani rivojlantirish bosh rejasini ilk bor eʼlon qiladi

O‘zbekiston 2050 yilgacha energetikani rivojlantirish bosh rejasini ilk bor eʼlon qiladi
O‘zbekiston 2050 yilgacha energetikani rivojlantirish bosh rejasini ilk bor eʼlon qiladi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 2050 yilgacha mo‘ljallangan Energetikani rivojlantirish milliy bosh rejasini ilk bor ishlab chiqadi va uni ochiq foydalanish uchun eʼlon qiladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni yoqilg‘i-energetika sohasi investorlari bilan ochiq muloqotda maʼlum qildi.

Ishlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Kelgusi yilning 1 martiga qadar elektr tarmoqlariga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1 iyulga qadar esa to‘liq bosh reja taqdim etiladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlarda qaysi hududlarda elektr energiyasiga talab ortishi, buning uchun qanday infratuzilma zarurligi va yangi quvvatlar qayerda eng samarali ishlashi ko‘rsatiladi. Bu investorlarga uzoq muddatli rejalarni tuzish imkonini beradi.

Mirziyoyev yakuniy nutqida bosh reja hamkorlar bilan birgalikda tayyorlanishini taʼkidladi.

Bosh reja loyihalarni tanlashning yangi tartibi uchun asos bo‘ladi. Ilgari ko‘p hollarda kompaniyalarning o‘zi elektr stansiyalarini qurish uchun joylarni taklif qilar edi.

Bu “yashil” energetika quvvatlarini tezroq ishga tushirishga yordam berdi, biroq ularning ayrim hududlarda to‘planishiga va elektr energiyasini uzatish xarajatlari oshishiga olib keldi.

Prezidentning taʼkidlashicha, mamlakatga alohida elektr stansiyalari emas, balki o‘zaro bog‘langan energetika tizimi kerak.

Endilikda davlat qaysi hududda qanday quvvatlar zarurligini oldindan belgilaydi, loyihalarni tayyorlaydi va ularni ochiq tanlovlarga qo‘yadi.

Birinchi bosqichda umumiy quvvati 2200 MVt bo‘lgan oltita quyosh va shamol elektr stansiyasi bo‘yicha savdolar o‘tkaziladi.

Uchrashuv ishtirokchilari uzoq muddatli rejalashtirish tizimiga o‘tishni qo‘llab-quvvatladi. Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil ar-Ramahiy yaqinda amalga oshirilgan islohotlar va Prezident imzolagan farmon soha rivojlanishining 2050 yilgacha bo‘lgan aniq yo‘nalishini belgilab berganini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq muddatli rejalashtirish, ishonchli shart-sharoitlar va shaffof tenderlar investorlarga sarmoya kiritish uchun zarur bo‘lgan barqarorlik va oldindan bashorat qilish imkonini beradi.

O‘zbekiston 2030 yilgacha 22 ming MVt yangi quvvatlarni ishga tushirish, elektr energiyasining yillik ishlab chiqarish hajmini 129 milliard kVt·soatdan oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.