Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Quvvati 1600 MVt bo‘lgan “Sirdaryo-2” bug‘-gaz elektr stansiyasi kelayotgan qish mavsumida O‘zbekiston energetika tizimini mustahkamlashga xizmat qila boshlaydi.
Bu haqda Fransiyaning EDF energetika kompaniyasi Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Sedrik Lebush 16 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoqilg‘i-energetika sohasi investorlari bilan uchrashuvida maʼlum qildi.
«Hozirda quvvati 1600 MVt bo‘lgan “Sirdaryo-2” bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishini yakunlayapmiz. Joriy qish mavsumining o‘zidayoq ushbu stansiya mamlakat energetika tizimini mustahkamlashga xizmat qila boshlaydi», — dedi Lebush «O‘zbekiston 24» telekanali syujetiga bergan intervyusida.
U, shuningdek, Surxondaryo viloyatida quvvati 1600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishida ishlar hajmining 75 foizi bajarilganini maʼlum qildi. Loyiha Germaniyaning Siemens va Qatarning Nebras kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘ladi. Lebushning so‘zlariga ko‘ra, EDF kompaniyasi Eolus bilan Buxoro hududida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bayonnoma imzolagan. Loyiha energiyani to‘plash tizimini yaratishni ham nazarda tutadi.
Fransiya kompaniyasi davlat-xususiy sheriklik asosida O‘zbekiston elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishdan ham manfaatdor. Lebush EDF elektr energiyasini uzatish va taqsimlash sohasida tajribaga ega ekanini hamda ushbu tajribani respublikada qo‘llashga tayyorligini taʼkidladi. Kompaniya energetika sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ham hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
“Sirdaryo-2” elektr stansiyasi Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida joylashgan. Loyihani EDF, Qatarning Nebras Power va Yaponiyaning Sojitz hamda Kyuden kompaniyalaridan iborat konsorsium amalga oshirmoqda. Mazkur konsorsium 2021 yil noyabr oyida xalqaro tender g‘olibi bo‘lgan. Avval eʼlon qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, stansiyaning quvvati 1573 MVtni, loyiha qiymati esa 900 million dollarni tashkil etadi.
Elektr stansiyasining hisob-kitoblarga asoslangan yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 13 milliard kVt·soatni tashkil qiladi. Foydali ish koeffitsiyenti 61,7 foiz bo‘lgani tufayli stansiya har yili taxminan 1,1 milliard kub metr tabiiy gazni tejashi kutilmoqda. Obyektni ishga tushirish marosimi 2026 yil 25 avgustda bo‘lib o‘tgan.
Biroq 25 sentyabr kuni sinov tariqasida ishga tushirish va sozlash ishlari davomida 1600 MVt quvvatning avariyaviy o‘chishi sodir bo‘lgan.
Avariyaga qarshi avtomatik himoya tizimining ishga tushishi bir qator hududlarda elektr taʼminotida uzilishlarga sabab bo‘lgan. Elektr energiyasi yetkazib berishni tiklash uchun boshqa stansiyalarning zaxira quvvatlari va energiyani to‘plash tizimlaridan foydalanilgan.
Surxondaryo viloyatidagi elektr stansiyasi loyihasi bilan bog‘liq ayrim masalalar ham yuzaga kelgan. 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev stansiya qurilishi uchun tanlangan joyni tanqid qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, obyekt noto‘g‘ri joylashtirilgani sababli unga gaz yetkazib berish uchun qo‘shimcha ravishda 300 million dollar yo‘naltirish talab etiladi.
Prezident, shuningdek, loyiha tashabbuskori bilan shartnoma shartlari yetarlicha puxta ishlab chiqilmaganini taʼkidlab, shartnomani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.