Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Navoiy” xalqaro aeroportida yuk logistikasi va xalqaro tashuvlarni rivojlantirishga mo‘ljallangan Porto-Franco erkin bojxona hududi ochildi. Loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 9 fevraldagi PQ-50-son qarori doirasida amalga oshirildi.
Yangi hudud tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish va saqlash, ularni qayta ishlash, shuningdek, import, eksport va tranzit operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi.
Kutilishicha, bu yuklarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlarni qisqartirib, ularni manzilga jo‘natish jarayonini tezlashtiradi.
Loyiha aeroport faoliyati samaradorligini oshirish va uning transport-logistika salohiyatidan yana-da to‘liq foydalanishga qaratilgan. Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, Porto-Franco hududining Markaziy Osiyoda o‘xshashi yo‘q.
Ochilish marosimida “Navoiy” xalqaro aeroporti» MCHJ direktori Alisher Klichev, Bojxona qo‘mitasi vakillari, hamkor tashkilotlar hamda boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Aeroport texnik imkoniyatlarini kengaytirmoqda
Shu bilan birga, aeroport havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun yangi uskunalarni joriy etmoqda. Samolyot yerda turgan vaqtda uning saloniga sovitilgan yoki isitilgan havo yetkazib berishga mo‘ljallangan ACU (Air Conditioning Unit) qurilmasi foydalanishga topshirildi.
Ushbu uskuna yo‘lovchilar va ekipaj uchun qulay sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, havo kemalariga yer ustida xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Porto-Franco hududining ochilishi va qo‘shimcha uskunalarning joriy etilishi “Navoiy” xalqaro aeroportining yuk tashishga ixtisoslashgan logistika markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.