Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Transport vazirlari va xalqaro tashkilotlar vakillari xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, logistika samaradorligini oshirish va raqamli yechimlarni joriy etish choralarini muhokama qildi.
«Harakatlarni muvofiqlashtirish, institutsionallik va raqamlashtirish» mavzusidagi delegatsiyalar rahbarlarining uchrashuvi VIII Xalqaro NEW SILK WAY biznes-forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalarda transport idoralari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi.
Asosiy eʼtibor infratuzilma rejalarini muvofiqlashtirish, davlat chegaralarini kesib o‘tishdagi to‘siqlarni qisqartirish va transport jarayonlarini raqamlashtirish masalalariga qaratildi.
O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov samarali transport tizimi faqat bitta mamlakat doirasida rivojlana olmasligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning raqobatbardoshligini oshirish uchun maʼmuriy to‘siqlarni bartaraf etish va xalqaro tashuvlar tartib-taomillarini muvofiqlashtirish zarur.
«Bizning umumiy ustuvor vazifamiz yuklar harakati yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali haqiqatan ham “uzluksiz” tranzit koridorlarini shakllantirishdan iborat.
Faqat bojxona va tranzit tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, shuningdek, logistika zanjirlarini birlashtirish orqali mintaqamizni global bozorlar o‘rtasidagi ishonchli va raqobatbardosh ko‘prikka aylantira olamiz», — dedi Mahkamov.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar transport sohasidagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro tashuvlarni yana-da rivojlantirish bo‘yicha amaliy qadamlar yuzasidan fikr almashdilar.
Muhokamalar mamlakatlar o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini mustahkamlash uchun yondashuvlarni muvofiqlashtirish va birgalikdagi yechimlarni izlashga ham qaratildi.