Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi kuzatilmoqda.
Laboratoriya tekshiruvlari natijasida A turidagi gripp holatlari ham aniqlangan. Shu bilan birga, bolalar muassasalarida va poytaxtdagi katta yoshli xodimlar orasida kasalliklarning guruhli tarqalishi qayd etilmagan.
Epidemiologik vaziyat haqida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi epidemiologiya bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Rasulova maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan infeksiyalarning tarqalishi anʼanaviy ravishda ortadi.
Joriy monitoring natijalari kasallanishning mavsumiy o‘sishini ko‘rsatmoqda. Jumladan, oldingi oylarga nisbatan kichik yoshdagi bolalar orasida kasallanish holatlari biroz ko‘paygan.
Poytaxtdagi sanitariya-epidemiologiya muassasalari mutaxassislari vaziyatni har kuni kuzatib bormoqda. Sanepidqo‘mita shahar boshqarmasi virusologiya laboratoriyasi maʼlumotlariga ko‘ra, ayni paytda A turidagi gripp holatlari qayd etilmoqda.
Dilfuza Rasulova respirator infeksiya alomatlari bo‘lgan odamlar uyda qolishi, bolalar muassasalariga, taʼlim muassasalariga va boshqa uyushgan jamoalarga bormasligi kerakligini taʼkidladi.
Kasallik belgilari paydo bo‘lganda oilaviy shifokorga murojaat qilish va u bergan tavsiyalarga, jumladan, yotoq rejimiga rioya etish zarur.
Atrofdagilarga infeksiya yuqish xavfini kamaytirish uchun kasallanganlarga imkon qadar alohida xonada bo‘lish va shaxsiy idishlardan foydalanish tavsiya etiladi. Zarur hollarda tibbiy niqob taqish lozim.
Xonalarda virus zarrachalari konsentratsiyasini kamaytirish uchun ularni muntazam shamollatish va tozalik ishlarini olib borish muhim.
Sanepidqo‘mita vakili mavsumiy grippga qarshi emlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Birinchi navbatda, kichik yoshdagi bolalar, 65 yoshdan oshganlar, homilador ayollar va tez-tez kasal bo‘ladigan shaxslarga emlanish tavsiya etiladi.
Rasulovaning taʼkidlashicha, emlash infeksiyani yuqtirish ehtimolini va asoratlar rivojlanishi xavfini kamaytirishga yordam beradi.
U poytaxt aholisini emlash kampaniyasida ishtirok etishga chaqirdi va Toshkentdagi pullik emlash markazlarida grippga qarshi vaksinalar mavjudligini maʼlum qildi.