Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Centrum Air aviakompaniyasi bortkuzatuvchisi Samara aeroportida yo‘lovchi bilan yuz bergan mojaroli vaziyatda nohaq bo‘lganini tan oldi. Bu haqda O‘zbekistonning xususiy Centrum Air/My Freighter xoldingi bosh direktori birinchi o‘rinbosari Maʼmurjon Mamadiliyev o‘zining X sahifasida maʼlum qildi.
«Umuman olganda, bortkuzatuvchi nohaq bo‘lgan va u o‘z aybini tan oldi. Bugun biz yo‘lovchi bilan uchrashuv tashkil etdik. Aviakompaniya vaziyatni to‘liq o‘rganib chiqdi. Yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan yo‘lovchining transfer bilan bog‘liq barcha xarajatlari aviakompaniya tomonidan qoplab beriladi», — deb yozdi u.
Mamadiliyevning so‘zlariga ko‘ra, bortkuzatuvchi o‘zbek tilida yaxshi gapiradi va O‘zbekistondagi boshqa aviakompaniyada ko‘p yillar ishlagan. «Uning ishiga nisbatan hech qachon eʼtirozlar bo‘lmagan. Faqat minnatdorchiliklar bildirilgan. U ham, aviakompaniya ham yuz bergan voqeadan afsusda», — deya taʼkidladi u.
Avvalroq Instagram tarmog‘ida Samara aeroportida Centrum Air yo‘lovchisi bilan bog‘liq video tarqalgan edi. Bloger komil_vlogs 5 oktyabr kuni Samara — Toshkent yo‘nalishidagi C6468 reysiga bortkuzatuvchidan u bilan o‘zbek tilida gaplashishni so‘raganidan so‘ng reysga kiritilmaganini maʼlum qildi.
Bundan avval Centrum Air matbuot xizmati voqealarning boshqa versiyasini bayon qilgan edi. Kompaniya maʼlum qilishicha, yo‘lovchi o‘zbek tilida muloqot qilishni so‘ragani uchun emas, balki samolyotdagi xulq-atvori sababli parvozga qo‘yilmagan. Aviakompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, boshqa yo‘lovchilar samolyotga chiqarilayotgan paytda erkak «bortkuzatuvchiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgan»: qo‘pol shaklda talablar qo‘ygan, xodimani haqorat qilgan va uning ishiga xalaqit bergan.
«Bunday xulq-atvor bortda xavfsizlik va tartibga tahdid solishi mumkin edi, shuning uchun havo kemasi komandiri yo‘lovchini parvozga qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi», — deya o‘sha vaqtda kompaniya maʼlum qilgan va qarorni asosli deb atagan. Centrum Air shuningdek, voqeaning barcha holatlari hujjatlashtirilganini va aviakompaniya huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Matbuot xizmati Centrum Air‘ning barcha bortkuzatuvchilari o‘zbek, rus va ingliz tillarini bilishi hamda yo‘lovchilar bilan ularga qulay tilda muloqot qilishini taʼkidlagan.
Keyinroq bloger Moskvaga chipta sotib olganini, u yerdan Toshkent yoki Samarqandga uchib ketishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. U, shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga murojaat qilishini va qaytib kelganidan so‘ng adolat qaror topishi uchun harakat qilishini bildirdi. Shu bilan birga, bloger Centrum Air bortkuzatuvchilari umuman olganda to‘g‘ri muomala qilishini qayd etgan, biroq bortkuzatuvchi ayollar haqida salbiy fikr bildirgan. Video eʼlon qilinganidan so‘ng izohlarda aviakompaniya xodimiga nisbatan haqoratli fikrlar va tashuvchini boykot qilishga chaqiriqlar paydo bo‘ldi.