Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil 15 oktyabrdan 30 noyabrgacha biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. U yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar hamda rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan subyektlarni qamrab oladi.
Tegishli chora-tadbirlar 2026 yil 9 oktyabrdagi 557-son Hukumat qarori bilan tasdiqlangan.
Ro‘yxatga olishning hisob sanasi sifatida 2026 yil 1 oktyabr, soat 00:00 belgilangan. Biroq jarayonning o‘zi noyabr oyi oxirigacha davom etadi.
Yuridik shaxslar maʼlumotlarni hisobot.stat.uz portali orqali mustaqil ravishda kiritishlari mumkin. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar esa census.stat.uz portali orqali maʼlumot taqdim etadilar.
Vakolatli xodimlar iqtisodiy birliklarni bevosita ular faoliyat yuritayotgan joyda ro‘yxatga oladi. So‘rovlar har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Respondentlar haqidagi maʼlumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda ishlatiladi. Maslahat berish va murojaatlarni qabul qilish uchun 1851 qisqa raqami orqali koll-markaz tashkil etiladi.
Ro‘yxatga olish yakunlanganidan keyin o‘n kun ichida tanlanma nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi. U ro‘yxatga olingan iqtisodiy birliklarning 5 foizigacha bo‘lgan qismini qamrab oladi.
Biznesni ro‘yxatga olishning yakuniy natijalarini 2027 yil 1 sentyabrdan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilish rejalashtirilgan.