Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent tumani hokimining o‘rinbosari 25 ming dollar olayotgan vaqtda ushlandi. O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs tadbirkorga bir gektar yer maydonini auksion orqali sotib olishda yordam berishni vaʼda qilgan.
DXX matbuot xizmati xabar berishicha, yer maydoni tuman hokimligi balansida bo‘lib, qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun mo‘ljallangan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, hokim o‘rinbosari davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali yerni auksionga chiqarishni tashkil etish va tadbirkorning g‘olib bo‘lishini taʼminlashni rejalashtirgan.
Mansabdor shaxs pul mablag‘larini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.