Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida biznes-missiya doirasida mamlakatga kelgan latviyalik tadbirkorlar delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar 8 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – Latviya biznes-forumi arafasida tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Latviya delegatsiyasi tarkibidan transport-logistika sohasi, qishloq xo‘jaligi, investitsiyalar, kimyo sanoati, zamonaviy texnologiyalar, sertifikatlashtirish va yashil energetika yo‘nalishlari vakillari o‘rin oldi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Riga Erkin porti bazasida O‘zbekiston – Latviya logistika xabini tashkil etish bo‘ldi. Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat eksportyorlari va importyorlarini birlashtirish hamda uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Muzokaralarning alohida yo‘nalishini agrar sohadagi loyihalar tashkil etdi. Ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, meva va rezavorlarni yetishtirish hamda muzlatish, issiqxona majmualarini qurish, biogaz va organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Sertifikatlashtirish masalalariga ham katta eʼtibor qaratildi. Latviya tomoni 115 yildan ortiq tarixga ega mahalliy sertifikatlashtirish va sinov markazi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini taqdim etdi. Potensial hamkorlik doirasida qo‘shma korxona tashkil etish yoki filial ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Latviyalik tadbirkorlarga “GSP+” tizimi doirasida Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlari ham taqdim etildi. Bundan tashqari, tomonlar startaplar, venchur investitsiyalar va axborot texnologiyalari sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida sertifikatlashtirish masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Ikki tomonlama ishbilarmonlik hamkorligining navbatdagi bosqichi 8 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan biznes-forum bo‘ladi.