Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Italiyalik suzuvchi Alberto Radzetti Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan suzish bo‘yicha Jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning familiyasi va 14-raqami tushirilgan futbolkada startga chiqdi.
Sportchining kutilmagan bu harakati tomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Radzettining o‘zi esa 200 metrga kompleks suzish musobaqasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Radzetti — jahon chempioni va Yevropa chempionatlarining bir necha bor sovrindori. U suzish bahsidan oldin o‘zbek futbolchisining futbolkasini kiyib, mahalliy muxlislarni xursand qildi.
Eldor Shomurodov Italiya sport muxlislariga yaxshi tanish. Hujumchi Italiya chempionatida qariyb besh yil davomida “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” klublari sharafini himoya qilgan.
31 yoshli hujumchi O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Ayni paytda u Turkiyaning «Istanbul Bashakshexir» klubida to‘p surmoqda. 2026 yil yozida Shomurodov O‘zbekiston futboli tarixiga yana bir bor kirdi: u mamlakat terma jamoasining jahon chempionatlaridagi ilk golini urdi.
Radzetti esa 200 metrga kompleks suzish masofasini 1 daqiqa 52,53 soniyada bosib o‘tib, to‘rtinchi bo‘lib marraga yetdi.
Musobaqa g‘olibi amerikalik Sheyn Kasas bo‘ldi. U masofani 1 daqiqa 51,81 soniyada suzib o‘tdi.
Ikkinchi o‘rinni uning hamyurti Karson Foster egalladi. U g‘olibdan 0,40 soniya ortda qoldi.
Kanadalik Finli Noks esa 0,52 soniyalik farq bilan uchinchi bo‘lib marraga yetdi.
Italiyalik suzuvchi shohsupaga ko‘tarila olmagan bo‘lsa-da, uning Shomurodov futbolkasida musobaqada qatnashishi Toshkentdagi bellashuvlarning esda qolarli voqealaridan biri bo‘ldi.