Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev boshchiligida 2026 yil 17–18 oktyabr kunlari Bag‘dod shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 52-sessiyasida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, nizolarni hal etish, terrorizmga qarshi kurashish hamda IHTga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Bahromjon Aʼloyev o‘z nutqida Islom olamida muloqot va hamjihatlikni mustahkamlash zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, u nizolarni faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy-diplomatik vositalar, muloqot va muzokaralar orqali hal etish tarafdori ekanini bildirdi.
Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari ishtirokchilarga O‘zbekistonning Falastin masalasi bo‘yicha prinsipial pozitsiyasini yetkazdi. Shuningdek, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish va uni mintaqaviy jarayonlarga integratsiya qilish muhimligini qayd etdi.
Maʼrifatli islom g‘oyalarini ilgari surish, ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda Markaziy Osiyo tajribasidan foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi IHTga aʼzo davlatlar vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Tomonlar siyosiy muloqotni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.