Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan yigit yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi.Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) maʼlumotlariga ko‘ra, u yengil avtomobilni yuqori tezlikda boshqargan va burilishda boshqaruvni yo‘qotgan.
YHXX xabar berishicha, hodisadan oldin Qo‘qon shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimlari yigitni haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqarish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan va qoidabuzarliklari uchun qonunda belgilangan choralarni ko‘rgan. Biroq keyinchalik u yana rulga o‘tirgan.
Yo‘l xizmati maʼlumotiga ko‘ra, avariya Furqat tumanidagi keskin burilishda sodir bo‘lgan. Avtomobil dastlab ogohlantiruvchi ustunga, keyin beton tayanch va daraxtga urilgan.
Avtomobilda bo‘lgan yo‘lovchining aytishicha, mashina tezligi soatiga 100 kilometrdan yuqori bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, burilishda boshqa transport vositasini quvib o‘tish vaqtida haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, beton inshootga urilgan, shundan so‘ng avtomobil ustunga borib to‘qnashgan. Zarba oqibatida yo‘lovchi old oynadan bir necha metr uzoqlikka otilib ketgan.
Hushiga kelgach, u haydovchida hayot alomatlari yo‘qligini aniqlagan.
Eʼlon qilingan videomaterialda YHXX xodimlari avtomobil raqamini yashirish imkonini beruvchi qurilma o‘rnatilganiga ham eʼtibor qaratdi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarni tezlik meʼyoriga rioya qilishga, tungi poygalar uyushtirmaslikka va haydovchilik guvohnomasisiz transport vositasini boshqarmaslikka chaqirdi.
Ota-onalarga farzandlarining xatti-harakatlarini nazorat qilish va ularning zarur hujjatlarsiz avtomobil boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslik tavsiya etildi.