Shoshilinch
O‘zbekiston

Manturov O‘zbekiston rahbariyati bilan hamkorlikni muhokama qildi

Manturov O‘zbekiston rahbariyati bilan hamkorlikni muhokama qildi
Manturov O‘zbekiston rahbariyati bilan hamkorlikni muhokama qildi / Foto: Rossiya hukumatining rasmiy Telegram kanali.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakat rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazib, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash dinamikasini saqlab qolish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladi. Bu haqda Rossiya hukumati materiallarida xabar berildi.

Uchrashuvda sanoat zonalari doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, ikki mamlakat hududlari va biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan suhbatda Denis Manturov ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan birgalikda Yangi Toshkent qurilishi loyihasi bilan tanishdi.

Rossiya delegatsiyasiga shaharning bosh rejasi, ayni paytda olib borilayotgan qurilish ishlarining borishi, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, hududni kelgusida rivojlantirish rejalari haqida maʼlumot berildi.

Tashrif doirasida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti rektori Mixail Gordin Toshkentda universitet filiali kampusini tashkil etish loyihasini taqdim etdi va uni rivojlantirish rejalari haqida so‘zlab berdi.

Kampusning dastlabki ikkita o‘quv binosini qurishni 2028 yilda yakunlash rejalashtirilgan. Majmua foydalanishga topshirilganidan so‘ng filial 2 ming nafargacha talabani qabul qilishi mumkin.

Keyinchalik bu yerda bakalavriat dasturlari bo‘yicha 11 ta taʼlim yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.