Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston MDH davlatlari ichki ishlar vazirliklarining kiberjinoyatchilikka qarshi kurash uchun masʼul bo‘linmalari rahbarlari o‘rtasida muntazam hamkorlik formatini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Tashabbus Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan MDH ishtirokchi davlatlari ichki ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi ishtirokchilari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi.
2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasiga ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpo‘latov rahbarlik qildi.
Delegatsiyalar rahbarlarining uchrashuvi doirasida ularni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qabul qildi.
Tomonlar terrorizm, ekstremizm, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik samaradorligini oshirish, shuningdek, kiberxavfsizlik, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va sayyohlar xavfsizligini taʼminlash sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Emomali Rahmon MDH davlatlari, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanayotganini taʼkidladi hamda mintaqaviy hamjihatlik va qo‘shma yondashuvlarni muvofiqlashtirishni yana-da kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Ichki ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ichki ishlar vazirliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Shuningdek, MDH ishtirokchi davlatlari hududlarida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyat turlariga qarshi kurashni muvofiqlashtirish byurosi, MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda MDH Narkotiklarga qarshi kurash markazi vakillari ham qatnashdi.
Ishtirokchilar ko‘p tomonlama va ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, shuningdek, 2029–2033 yillarga mo‘ljallangan Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning davlatlararo dasturini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Yig‘ilish yakunida bir qator hujjatlar imzolandi. Ularda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron axborot almashinuvi, jinoyatchilikka qarshi kurashda genom maʼlumotlarini almashish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va shaxslarni davlatlararo qidirish sohalaridagi hamkorligini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekistonning MDH davlatlari ichki ishlar vazirliklarining kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmalari rahbarlari uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusi kengash aʼzolari tomonidan yakdillik bilan maʼqullandi va imzolandi.
Taklif etilayotgan format kiberjinoyatchilikning transchegaraviy xususiyatini hisobga olgan holda tezkor bo‘linmalar rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish va byurokratik tartib-taomillarni qisqartirishga qaratilgan.
Muntazam uchrashuvlar tajriba almashish, axborot texnologiyalari sohasidagi tahdidlarni birgalikda tahlil qilish va virtual makonda transmilliy jinoyatchilikka qarshi choralarni ishlab chiqish imkonini berishi kutilmoqda.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, tomonlar institutsional hamkorlikni davom ettirish va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.