Shoshilinch
Turizm

Perlis va Toshkent viloyati turizm sohasida hamkorlikni muhokama qildi

Perlis va Toshkent viloyati turizm sohasida hamkorlikni muhokama qildi
Perlis va Toshkent viloyati turizm sohasida hamkorlikni muhokama qildi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Turizm qo'mitasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziyaning Perlis shtati delegatsiyasi valiahd shahzoda Tuanku Sayed Fayzuddin Putra boshchiligida Toshkent viloyatiga rasmiy tashrifi doirasida Bo‘stonliq tumanining turistik salohiyati bilan tanishdi.

Mehmonlar «Chorvoq darvozasi» turistik majmuasiga tashrif buyurib, obyektning o‘ziga xos xususiyatlari hamda uni o‘rab turgan tabiiy landshaftlar haqida maʼlumot oldi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan so‘ng delegatsiya Chimgan hududidagi mehmonxona majmuasida bo‘lib, sayyohlarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dasturning keyingi manzili “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti bo‘ldi. Bu yerda Perlis valiahd shahzodasi Tuanku Sayed Fayzuddin Putraning Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar Toshkent viloyati va Perlis shtati o‘rtasida turistik aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, turistik salohiyatdan yana-da samarali foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi. Hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tashrif yakunida Malayziya delegatsiyasi uchun Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasi vakillarining chiqishi tashkil etildi. Mehmonlarga milliy kuy-qo‘shiqlar taqdim etildi.

Dastur yakunlanganidan so‘ng Perlis valiahd shahzodasi boshchiligidagi delegatsiyani viloyat idoralari vakillari kuzatib qo‘ydi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.