Shoshilinch
Madaniyat

O‘zbekiston va Iordaniya madaniyat sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Iordaniya madaniyat sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Iordaniya madaniyat sohasida hamkorlikni kengaytiradi / Foto: O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —  O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Mannopov Iordaniyaga amaliy tashrifi doirasida Ammon shahrida mamlakatning davlat va madaniyat muassasalari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.

Iordaniya Qirolichasi Raniya Al-Abdulla ofisi direktori Lama An-Nabulsiy va Jordan River Foundation bosh direktori Inam Barishiy bilan muzokaralar davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida madaniy va taʼlim tashabbuslarini rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Kasbiy almashinuvlarni kengaytirish hamda madaniyat va taʼlim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Iordaniya Qadimiy yodgorliklar departamenti bosh direktori o‘rinbosari Lina Bakkar bilan uchrashuvda madaniy merosni asrash va o‘rganish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, sohaviy mutaxassislar o‘rtasida kasbiy hamkorlik va tajriba almashish borasida fikr almashdi.

Yana bir uchrashuv Iordaniya Milliy madaniyat va sanʼat markazi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv ishtirokchilari qo‘shma madaniy va taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, kasbiy almashinuvlarni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Iordaniya madaniy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qildi.

Muzokaralar O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi vakilining Iordaniyaga amaliy tashrifi doirasida o‘tkazildi. Tashrif mamlakatning madaniy va davlat muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.