7
Moliya

O‘zbekiston banklarining sof foydasi 13,8 trln so‘mga yetdi

O‘zbekiston banklarining sof foydasi 13,8 trln so‘mga yetdi
O‘zbekiston banklarining sof foydasi 13,8 trln so‘mga yetdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklarining sof foydasi 13,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu sanasidagi ko‘rsatkichdan 52,5 foizga ko‘p.

Soliq to‘langunga qadar bo‘lgan foyda 43,9 foizga o‘sib, 15,7 trln so‘mga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.

Banklarning foizli daromadlari 18,1 foizga oshib, 97,3 trln so‘mni, foizli xarajatlari esa 21,7 foizga o‘sib, 70 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada foizli marja 9,8 foizga oshib, 27,3 trln so‘mga yetdi.

Foizsiz daromadlar 47,2 foizga o‘sib, 68,9 trln so‘mni, operatsion xarajatlar esa 27,1 foizga oshib, 23,3 trln so‘mni tashkil qildi.

Kreditlar va lizing bo‘yicha ehtimoliy zararlarni qoplash uchun ajratmalar 35,4 foizga o‘sib, 23,3 trln so‘mga yetdi.

Aktivlar rentabelligi (ROA) 2 foizdan 2,4 foizga, kapital rentabelligi (ROE) esa 11,2 foizdan 14,4 foizga ko‘tarildi.

Shu bilan birga, sof foizli daromadning jami aktivlarga nisbati 4,3 foizdan 4 foizga pasaydi.

Aktivlari 30 trln so‘mdan ortiq bo‘lgan 12 ta yirik bank jami 9,3 trln so‘m foyda olgan. Bu bank sektorining umumiy foydasi hajmining 68 foizini tashkil etadi.

Bank sektori jami kapitali bir yil davomida 17,6 foizga o‘sib, 151,5 trln so‘mga yetdi. Ustav kapitali 10,7 foizga oshib, 101,1 trln so‘mni, taqsimlanmagan foyda esa 51,5 foizga o‘sib, 33,2 trln so‘mni tashkil qildi.

Regulyativ kapital 169,2 trln so‘mga yetdi.

Kapital yetarliligi koeffitsiyenti 17,9 foizdan 18,3 foizga, birinchi darajali kapital yetarliligi koeffitsiyenti esa 14,9 foizdan 15,2 foizga ko‘tarildi. Birinchi darajali asosiy kapital yetarliligi koeffitsiyenti 14,9 foizdan 14,8 foizga pasaydi.

Banklarning yuqori likvidli aktivlari bir yilda 48,9 foizga o‘sib, 222 trln so‘mga yetdi. Ularning jami aktivlardagi ulushi 18 foizdan 22,3 foizga ko‘tarildi.

Likvidlikni qoplash koeffitsiyenti 198,4 foizdan 269,4 foizga oshdi. Ushbu ko‘rsatkichning minimal qiymati 100 foizni tashkil etadi. Sof barqaror moliyalashtirish koeffitsiyenti esa 116,3 foizdan 132,5 foizga ko‘tarildi.

Ayni paytda, tezkor likvidlik koeffitsiyenti 119,4 foizdan 101,5 foizga pasaydi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha minimal talab 25 foizni tashkil etadi.

2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi tijorat banklari soni 35 tani tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 36 ta bo‘lgan.

To‘rtta bankning jami kapitali 10 trln so‘mdan oshadi. Ushbu banklar hissasiga bank sektori kapitalining 39,2 foizi to‘g‘ri keladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.