Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiyaning Rim shahridagi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) qarorgohida o‘tayotgan 2026 yilgi Jahon oziq-ovqat forumida ishtirok etdi.
Tadbir davomida vazir mamlakat agrar sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga bag‘ishlangan nutq bilan chiqish qildi.
Forum «Bugun innovatsiyalarni yarating. Ertaga oziq-ovqat bilan taʼminlang» shiori ostida o‘tmoqda.
Ishtirokchilar asosiy eʼtiborni qishloq xo‘jaligiga innovatsion yechimlarni joriy etish, barqaror oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish va oziq-ovqat sohasidagi global muammolarni hal qilishning yangi yondashuvlarini izlashga qaratmoqda.
Ibrohim Abdurahmonov o‘z nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan agrar o‘zgarishlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sohaning barqaror rivojlanishini taʼminlash bo‘yicha ustuvor vazifalar haqida maʼlumot berdi.
Jahon oziq-ovqat forumi 2021 yilda tashkil etilgan. U ilmiy yutuqlar, innovatsiyalar, yoshlar tashabbuslari va investitsiyalardan foydalangan holda oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro maydon vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston delegatsiyasining forumdagi ishtiroki xalqaro hamkorlar bilan tajriba almashish, xorijiy mamlakatlar va tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan.