O‘zbekiston

O‘zbekistonda nogironlikni belgilash tartibi o‘zgartirildi

O‘zbekistonda nogironlikni belgilash tartibi o‘zgartirildi
O‘zbekistonda nogironlikni belgilash tartibi o‘zgartirildi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda nogironlikni belgilash tartibi o‘zgartirildi. Endi arizani masofadan turib topshirish mumkin. Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga (TMEK) yuborilishidan oldin fuqaro avvalgi 9–10 ta tekshiruv o‘rniga 3–4 ta tekshiruvdan o‘tadi, xulosa esa elektron tizimda shakllantiriladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.

Avval ariza qabul qilinishi va yo‘llanma olish uchun tuman markazidagi komissiyaga murojaat qilish talab etilardi. TMEKka yuborilishidan oldin fuqaro kasallik turidan qatʼi nazar, kamida 9–10 ta tekshiruvdan o‘tardi.

Bundan tashqari, yo‘llanma olishdan oldin uzoq muddatli davolanish ham talab qilingan.

Endi arizani my.gov.uz portali, mahalladagi ijtimoiy xodim, oilaviy shifokor yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi operatori orqali topshirish mumkin.

Tekshiruvlar ro‘yxati fuqaroning kasalligi yoki holatiga qarab belgilanadi va faqat zarur tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi. Oilaviy shifokor yo‘llanmasi asosida tekshiruvlar bepul o‘tkaziladi. TMEKka yuborish muddati ham har bir holat uchun alohida belgilanadi.

Yo‘llanmani oilaviy shifokor elektron dastur orqali rasmiylashtiradi. Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, avval vrachlik-maslahat komissiyalariga har oyda kamida 100–110 ta yo‘llanma kelib tushardi. Bu esa navbatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lardi.

Endi bir oilaviy shifokorga o‘rtacha oyiga 3–4 ta yo‘llanma to‘g‘ri keladi. Fuqaro tuman markazida navbatda turishi shart emas: elektron yo‘llanma yashash joyi bo‘yicha rasmiylashtiriladi.

TMEK elektron yo‘llanma kelib tushganidan keyin uch ish kuni ichida uni qabul qiladi. Fuqaroga tibbiy ko‘rikning sanasi, vaqti va manzili haqida SMS-xabar orqali maʼlum qilinadi. Yo‘llanma qabul qilinganidan keyin komissiya tibbiy ko‘rikni o‘tkazadi va 20 ish kuni ichida xulosa chiqaradi.

Xulosani tayyorlash tartibi ham o‘zgardi. Avval xulosani TMEKning vrach-ekspertlari belgilardi. Endi vrach-ekspert fuqaroning shikoyatlari, obyektiv holati va tibbiy hujjatlardagi maʼlumotlarni elektron tizimga kiritadi, xulosa esa dastur tomonidan shakllantiriladi.

Nogironlik guruhi, uning sababi va muddati, mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi foizlarda, parvarishga ehtiyoj, reabilitatsiya vositalari va boshqa maʼlumotlar ham avtomatik ravishda belgilanadi.

Agar fuqaro natijadan norozi bo‘lsa, elektron shaklda eʼtiroz bildirishi mumkin. Tuman, shahar yoki tumanlararo TMEK xulosasi ustidan 30 kun ichida viloyat TMEKka shikoyat qilish mumkin.

Viloyat komissiyasining xulosasi ustidan esa besh kun ichida Respublika TMEKka shikoyat qilish mumkin.

Eʼtiroz my.gov.uz portali, ijtimoiy xodim, oilaviy shifokor yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi operatori orqali qabul qilinadi.

Respublika TMEKning xulosasi yakuniy hisoblanadi. Agar fuqaro ushbu xulosadan ham norozi bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.

Agentlik taʼkidlashicha, boshqa usullar orqali topshirilgan arizalar TMEK tomonidan qayta ko‘rib chiqilmaydi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.