Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi uylardan birining to‘rtinchi qavatida tashkil etilgan firibgarlik call-markazi faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan D. X. sheriklari bilan birgalikda fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularga turli aksiyalarda go‘yoki sovrin yutganliklari haqida xabar bergan.
Shundan so‘ng gumondorlar «sovg‘a uchun to‘lov»ni yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarining hisob raqamlariga o‘tkazishni taklif qilgan. Bunda mablag‘lar jabrlanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan kredit yoki mikrozaym limitidan foydalangan holda ajratilishi kerak bo‘lgan. Firibgarlar vaʼda qilingan maishiy texnika keyinroq yetkazib berilishini aytgan.
Guruh aʼzolari, shuningdek, savdo platformasida tovar yetkazib beruvchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Vaʼda qilingan mahsulotni yetkazib berishni talab qilgan yoki eʼtiroz bildirgan fuqarolarga ayrim hollarda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mos kelmaydigan tovarlar yuborilgan.
Bunday yondashuv jabrlanuvchilarning eʼtiborini chalg‘itish imkonini bergan, shundan so‘ng gumondorlar ularga ajratilgan kredit yoki mikrozaym mablag‘larini o‘zlashtirgan. Ko‘p hollarda pul o‘tkazilganidan keyin fuqarolar bilan aloqa butunlay uzilgan.
Firibgarlik koll-markazida besh nafar operator ishlagan. Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xizmatlarini targ‘ib qilgan mavjud bo‘lmagan internet-do‘konlar xodimlari sifatida o‘zini tanishtirib, yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, guruh 110 nafardan ortiq fuqaroning 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ini noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgan.
Tezkor tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ashyoviy dalil sifatida 10 ta kompyuter texnikasi to‘plami, sakkizta mobil telefon, fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari va boshqa hujjatlarni musodara qildi.
Ayni paytda guruh aʼzolarining boshqa hududlardagi shu kabi holatlarga aloqadorligi ehtimoli tekshirilmoqda. Ishning barcha holatlarini aniqlash va yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan dastlabki tergov hamda tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda.