Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 5–9 oktyabr kunlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Toshkentdagi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazida «Qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni aniqlash» mavzusida besh kunlik mintaqaviy o‘quv kursini o‘tkazdi.
Treningda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va mezbon mamlakat — O‘zbekistonning chegara hamda bojxona xizmatlaridan 15 nafar xodim ishtirok etdi.
Jadal o‘quv dasturi noqonuniy olib o‘tilayotgan o‘qotar qurollar, odatiy o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, instruktorlar tayyorgarligini takomillashtirish hamda Markaziy Osiyo davlatlari kinologik bo‘linmalari ishini baholash mezonlarini birxillashtirishga qaratildi.
Dala sharoitidagi amaliy mashg‘ulotlarda hidlarning tarqalish xususiyatlari, begona hidlar taʼsirining oldini olish usullari, havo oqimlarini tahlil qilish va turli obyektlarni, jumladan, transport vositalarini tizimli tekshirish metodikasi o‘rganildi. Shuningdek, odamlar gavjum joylarda shaxslarni tekshirish chog‘ida taqiqlangan buyumlarni aniqlash usullariga eʼtibor qaratildi.
Ayrim o‘quv modullari xizmat itlarining farovonligiga bag‘ishlandi. Ularda itlarda stress belgilari qanday namoyon bo‘lishini aniqlash va ularning sog‘lig‘ini saqlash orqali yuqori darajadagi tezkor shaylikni taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Xizmat itlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalardan tashqari, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatlar o‘rtasida axborot almashinuvini rivojlantirishga alohida eʼtibor berildi.
Qo‘shma mashg‘ulotlar va kasbiy tajriba almashinuvi davomida ishtirokchilar tezkor axborotni mintaqaviy miqyosda samarali almashishni kuchaytirish, shuningdek, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarning chegaralar orqali noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yish choralarini takomillashtirishga qaratilgan standart operatsion tartiblarni kelishib oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi direktori, polkovnik Farrux Qahhorov seminar davomida o‘rnatilgan kasbiy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.
«Tajriba almashishni davom ettirish, qo‘shma o‘quv tadbirlarini o‘tkazish, xizmat itlari va kinologlarni tayyorlash usullarini takomillashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhim. Bularning barchasi mintaqada xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi», — dedi u.
YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen tashkilot xavfsizlik sohasidagi dolzarb vazifalarni birgalikda hal qilishda chegara va bojxona xizmatlariga yordam beradigan amaliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
«Kurs davomida o‘zbekistonlik instruktorlar Buyuk Britaniyada olgan bilim va tajribalarini Markaziy Osiyoning qolgan to‘rt davlatidagi hamkasblari bilan o‘rtoqlashdi. Shu tariqa, avval o‘tkazilgan taʼlim natijalari nafaqat bir mamlakatga, balki butun mintaqaga foyda keltirmoqda», — dedi Karttunen.
Kurs YEXHTning «O‘zbekistonning Afg‘onistondan kelib chiqadigan transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini mustahkamlash» nomli byudjetdan tashqari loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyiha Germaniya, Shvetsiya, AQSH, Finlyandiya va Fransiyaning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.