Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 51-maktabning 22 nafar o‘quvchisi paxtaning pishib yetilishini tezlashtirish uchun preparat sepilganidan so‘ng zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Hodisa 23 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Soat taxminan 11:45 da o‘quvchilar ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib, G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.
Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, maktab “Yangiobod” mahallasiga tutash hududda joylashgan. Bu yerda «Shohmalik Shermurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligiga tegishli, umumiy maydoni 88 gektar bo‘lgan yer uchastkasi mavjud. 20 gektarga yaqin yer maydoni bevosita maktab atrofida joylashgan bo‘lib, unda paxta yetishtiriladi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni soat taxminan 09:00 da fermer xo‘jaligi paxtaning pishib yetilishini tezlashtirish maqsadida «Agro Augron» preparatini sepgan. Shundan so‘ng maktabda bo‘lgan 10–11-sinflardagi 22 nafar o‘quvchi havo orqali zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Tibbiyot muassasasida ularga dastlab oshqozon dispepsiyasi sindromi tashxisi qo‘yilgan. Hozirda yetti nafar o‘quvchi G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasida statsionar davolanishni davom ettirmoqda. Yana 15 nafar o‘quvchining sog‘lig‘i yaxshilangani sababli ular uyiga javob berilgan.
Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Holatga huquqiy baho berish uchun tegishli ekspertizalar tayinlangan.
Dastlabki tergov harakatlarini Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tergov boshqarmasi olib bormoqda.