Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda ixcham, sifatli va hamyonbop turistik suvenirlar yaratishga qaratilgan Uzbek Gift Contest tanlovining birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Tanlov haʼkamlari kelib tushgan 600 dan ortiq ariza orasidan eng yaxshi 10 ta dizayn va eskizni saralab oldi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi 27 sentyabrda nishonlanadigan Butunjahon turizm kuniga bag‘ishlangan tadbir doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tanlov Turizm qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etildi. Uning maqsadi milliy hunarmandchilik buyumlarini sayyohlar uchun zamonaviy suvenirlar sifatida ommalashtirish hamda hududlardagi ustalarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Birinchi bosqichda dizaynerlar, rassomlar va boshqa ijodiy kasb vakillari hunarmandchilikning 25 ta yo‘nalishi bo‘yicha suvenir mahsulotlari eskizlari va konsepsiyalarini taqdim etdi. Har bir g‘olib 12,5 mln so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.
G‘oliblar quyidagi yo‘nalishlarda aniqlandi: Abduhakimov Otajon makrame texnikasi va qo‘lda to‘qish buyumlari yo‘nalishida, Ismoilova Dilbar yog‘och o‘ymakorligi yo‘nalishida, Pulatov Sardorbek suvenir buyumlari tayyorlash yo‘nalishida, Bozorov Asliddin kichik plastika buyumlarini tayyorlash yo‘nalishida va Azimova Gulnora zarduzlik yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, milliy qo‘g‘irchoqlar va o‘yinchoqlar tayyorlash yo‘nalishida Zoirova Laylo, bosma naqshli matolar va kashtachilik buyumlarini tayyorlash yo‘nalishida Halmatov Zakirjon, tosh va suyak o‘ymakorligi yo‘nalishida Ziyodullayev Javohir, suvenir buyumlari tayyorlash yo‘nalishida Sanatulin Danil hamda zarb texnikasi va misgarlik yo‘nalishlarida Pulatov Sardorbek g‘olib deb topildi.
G‘olib deb topilgan 10 ta dizayn va eskiz tanlovning ikkinchi bosqichida amaliy jihatdan ishlab chiqarish uchun ustalarga topshiriladi.