Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston boks terma jamoasi vakillari Xitoyda qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida o‘tkazilgan 4-xalqaro «Belt and Road» turnirida 17 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar berdi.
Milliy terma jamoa aʼzolari ishtirokidagi xalqaro yig‘in 14–29 sentyabr kunlari Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududida bo‘lib o‘tdi. Tayyorgarlik jarayonida o‘zbek bokschilari xalqaro turnirda ham ishtirok etdi.
Terma jamoa hisobida yettita oltin medal bor. G‘oliblar qatorida 50 kg vazn toifasida Shodiyorjon Meliko‘ziyev, 60 kgda Shohrux Abdumalikov, 65 kgda Madiyar Daniyarov, 90 kgda Ruslan Sharipboyev, 90 kgdan yuqori vaznda Madiyar Saydraximov, 51 kgda Zilolaxon Yusufova va 80 kgda Ruxshona Parpiyeva bor.
Athamjon Muhitdinov (65 kg), Safarmurod Allaberganov (75 kg), Shahzod Polvonov (90 kgdan yuqori) va Sobiraxon Shohobiddinova (80 kgdan yuqori) to‘rtta kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Terma jamoaning yana olti vakili bronza medalini qo‘lga kiritdi. Medallarga Amirbek Ismoilov (50 kg), Abdulaziz Jo‘rakulov (70 kg), Ozodbek Aliyev (90 kgdan yuqori), Jasmin Tohirova (48 kg), Sevinch Hurramova (65 kg) va Aysanem Saruarova (75 kg) ega chiqdi.
Sportchilarni Ramz Ahmedov, Yusufjon Tursunov, Ikrom Berdiyev, Ozod Hasanov, Baxodirjon Nuriddinov va Rustam Abilovdan iborat murabbiylar tayyorladi. Hakamlik vazifasini Asliddin Abdualimov amalga oshirdi.