Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov Startup Genome asoschisi Jan-Fransua Gotye bilan uchrashdi. Tomonlar mamlakat startap ekotizimini rivojlantirish va uni xalqaro darajada ilgari surish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Global Startup Ecosystem Report (GSER) va startap ekotizimlariga oid boshqa xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Xorijiy investorlar uchun startap ekotizimi haqidagi maʼlumotlarning ochiqligini oshirish hamda O‘zbekistonning global startap sahnasida xalqaro eʼtirofini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Startup Genome — bosh qarorgohi San-Fransiskoda joylashgan, startap ekotizimlarini tadqiq qilish va rivojlantirishga ixtisoslashgan xalqaro tashkilot. Tashkilot 350 dan ortiq ekotizim va 5,5 milliondan ziyod startap maʼlumotlarini tahlil qiladi.
Startup Genome shuningdek, 65 dan ortiq mamlakatda davlat organlari va innovatsion institutlarga strategik konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi. Tashkilotning asosiy tadqiqotlaridan biri har yili eʼlon qilinadigan Global Startup Ecosystem Report hisoblanadi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston startap ekotizimini kompleks tahlil qilishni davom ettirish va xalqaro benchmarking asosida uni rivojlantirish ko‘rsatkichlarini takomillashtirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonning Startup Genome‘ning global tadqiqot va reyting platformalaridagi mavqeini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirish niyatini bildirdi.