Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Armaniston adliya sohasida hamda raqamli huquqiy texnologiyalar yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish niyatida. 17–18 sentyabr kunlari Armaniston Adliya vazirligi huzuridagi «Rasmiy xabarnoma» OAJ delegatsiyasi O‘zbekiston Adliya vazirligiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida tomonlar huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida tajriba almashdi, ARLIS tizimi faoliyati va elektron tizimlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Armaniston delegatsiyasi vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” Milliy huquqiy axborot markazi faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy va texnik qayta ishlash jarayonlari, shuningdek, markazda joriy etilgan zamonaviy axborot texnologiyalari taqdim etildi.
Alohida eʼtibor LegalTech yo‘nalishiga qaratildi. Delegatsiyalarga sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan Lex.ai platformasi, “Yurxizmat” tizimi va bolalar huquqlari portali imkoniyatlari namoyish etildi.
Bundan tashqari, Armaniston vakillari multimedia bo‘limiga tashrif buyurib, huquqiy o‘yinlar loyihalari hamda Adliya organlari tarixi muzeyi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha “Adolat” Milliy huquqiy axborot markazi va «Rasmiy xabarnoma» OAJ o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat ikki tashkilot o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Armaniston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi 20 sentyabrga qadar davom etadi.