O‘zbekiston

Namanganda jabrlangan qizning oilasiga ko‘chib o‘tishda yordam beriladi

Namanganda jabrlangan qizning oilasiga ko‘chib o‘tishda yordam beriladi
Namanganda jabrlangan qizning oilasiga ko‘chib o‘tishda yordam beriladi / Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namanganda zo‘ravonlikdan jabrlangan besh yoshli qiz va uning onasiga psixologik hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatmoqda. Oilani boshqa shaharga ko‘chirishga yordam berishga qaror qilindi. U yerda ularga uy-joy va zarur ko‘mak taqdim etiladi. Bu haqda agentlik direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik mutaxassislari va psixologlari fojiali voqea sodir bo‘lgan ilk kunlardanoq qiz va uning onasi bilan ishlamoqda. Ushbu davrda oilaga zarur yordam ko‘rsatilmoqda.

Ko‘chib o‘tgandan so‘ng oila uy-joy bilan taʼminlanadi, shuningdek, reabilitatsiya va kompleks ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Jumladan, onaga taʼlim olish va ishga joylashishda ko‘maklashish nazarda tutilgan.

Zarur hollarda oilaga yangi hayotni xavfsiz sharoitda boshlash imkoniyatini taʼminlash maqsadida familiyani o‘zgartirishda ham yordam berilishi mumkin.

Shahnoza Mirziyoyeva vaziyat Prezident Administratsiyasining alohida nazoratida ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha masʼul idoralar dastlabki kunlardanoq ishga jalb qilingan.

«Bu jinoyat jazosiz qolmaydi», — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.