Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda ota-onalar nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda soliq imtiyozidan foydalanishlari mumkin.
Buning uchun my.soliq.uz saytidagi soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish lozim.
Ota-onalarning xususiy bog‘chalar va maktablarda farzandlarini o‘qitish uchun amalga oshiradigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari soliqqa tortilmaydi. Imtiyoz har bir farzand uchun qo‘llaniladi.
Shuningdek, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari yoki maktablarga qatnaydigan 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalarni kunduzgi parvarish qilish xizmatlari uchun ota-onalar tomonidan amalga oshiriladigan to‘lovlar ham daromad solig‘idan ozod etiladi.
Imtiyozdan ota-ona yoki farzandlikka oluvchi foydalanishi mumkin.
Imtiyozni qo‘llash uchun yil yakunlari bo‘yicha daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani soliq to‘lovchining my.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organiga taqdim etish zarur.