Shoshilinch
Sport

O‘zbekistonda tennisni rivojlantirish choralari tasdiqlandi

O‘zbekistonda tennisni rivojlantirish choralari tasdiqlandi
O‘zbekistonda tennisni rivojlantirish choralari tasdiqlandi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2030 yilga qadar tennisni ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Tegishli qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 21 sentyabrda qabul qilingan PQ–347-son qarori bilan belgilandi.

Hujjatda ushbu sport turini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. 2030 yilga qadar tennis bilan muntazam shug‘ullanadiganlar sonini 3 ming nafarga, murabbiylar sonini esa 200 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning tennis bo‘yicha Osiyoning kuchli 5 ta davlati qatoriga kirishi va ushbu sport turini istiqbolli sport yo‘nalishlari qatoriga qo‘shish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

2026 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP), Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) va Xalqaro tennis assotsiatsiyasi (WTA) shafeligida xalqaro tennis musobaqalari muntazam ravishda o‘tkazib boriladi.

Har yili o‘tkaziladigan musobaqalar qatoriga o‘smirlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi, o‘g‘il bolalar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati, kattalar o‘rtasida xalqaro Uzbekistan Open turniri hamda erkaklar o‘rtasida ATP Challenger turniri ham kiritiladi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida Juniors Tennis Initiative dasturi joriy etila boshlaydi. 1–4-sinf o‘quvchilari uchun jismoniy tarbiya darslari doirasida tennisga qiziqishni shakllantirishga qaratilgan boshlang‘ich mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Tennisni yana-da rivojlantirish uchun maktablar o‘quvchilarning qiziqishi va sport infratuzilmasi mavjudligini hisobga olgan holda tanlab olinadi. Tanlangan taʼlim muassasalarida tennis seksiyalari tashkil etilib, ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi.

O‘zbekiston Tennis federatsiyasi mablag‘lari hisobidan seksiyalar sport anjomlari, jumladan, tennis wall jihozlari bilan taʼminlanadi. Mashg‘ulotlarni tegishli umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari joylashgan hududdagi sport maktablaridan jalb etilgan murabbiylar o‘tkazadi.

Qaror bilan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari miqdoriga ham o‘zgartishlar kiritildi. Oltin medal uchun sportchilarga 25 ming dollar, kumush medal uchun 12,5 ming dollar, bronza medal uchun esa 6 250 dollar miqdorida mukofot puli beriladi.

Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan murabbiylarga esa oltin medal uchun 10 ming dollar, kumush medal uchun 5 ming dollar va bronza medal uchun 2 500 dollar miqdorida to‘lovlar belgilandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.