Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va High Technologies Park Azerbaijan O‘zbekiston va Ozarbayjon texnologik kompaniyalari hamda startaplarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida tuzildi.
Tomonlar ikki mamlakat texnologik kompaniyalarini yangi bozorlarda ilgari surish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Hamkorlik doirasida ularga infratuzilmaviy ko‘mak ko‘rsatish, mahalliy texnologik ekotizimlarga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va yangi bozorlarda faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yordam berish nazarda tutilgan.
Hamkorlik yo‘nalishlaridan biri o‘zbekistonlik startaplarni High Technologies Park Azerbaijan ko‘magida NEXUS dasturida ishtirok ettirish bo‘ladi. O‘z navbatida, IT Park Uzbekistan Ozarbayjon startaplarini 2027 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan Land of Startups dasturida ishtirok etishga taklif qiladi.
Land of Startups xalqaro loyiha asoschilariga mo‘ljallangan bo‘lib, ularga O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish, mahalliy startap ekotizimiga integratsiyalashuv va yangi bozor imkoniyatlariga chiqish uchun sharoit yaratadi.
Ozarbayjon startaplarining dasturda ishtiroki ikki mamlakat o‘rtasida texnologik almashinuvni kengaytirishi va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Memorandum, shuningdek, bozorlarga chiqish dasturlari, texnologiyalar transferi, ishlanmalarni tijoratlashtirish va ekspert bilimlari almashinuvi sohalaridagi hamkorlikni ham qamrab oladi.
IT Park Uzbekistan va High Technologies Park Azerbaijan o‘rtasidagi hamkorlik ikki mamlakat texnologik kompaniyalari, startaplari va investorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.