Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent — Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar 2027 yilda boshlanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maʼlum qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari hududning transport-logistika salohiyatini kengaytirishga qaratilgan qator yirik loyihalarni qayd etdi. Jumladan, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lining ishga tushirilishi yuk tashish hajmini 10 baravarga oshirib, yiliga 15 million tonnaga yetkazish imkonini beradi.
Joriy yil yakuniga qadar Qo‘rg‘ontepa va Xonabod tumanlarida 300 gektar maydonni egallaydigan logistika majmuasi qurilishini boshlash vazifasi qo‘yildi. Majmua kelajakdagi temir yo‘l magistraliga xizmat ko‘rsatadi, loyiha qiymati esa 600 million dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida “Keskanyor” yangi chegara punktini qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgani alohida taʼkidlandi. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati O‘zbekiston–Qirg‘iziston chegarasidagi amaldagi eng yirik “Do‘stlik” punktinikidan ikki baravar yuqori bo‘ladi.
Yangi punkt ishga tushirilganidan so‘ng yuk tashish hajmini 2–3 baravar oshirish, ularning chegaradan o‘tish muddatini esa o‘rtacha bir haftaga qisqartirish rejalashtirilgan. Punkt loyihasini uch oy muddatda ishlab chiqish va uni qurishni boshlash vazifasi berildi.
2027 yilda Andijonni Xonabod bilan bog‘laydigan uzunligi 78 kilometr bo‘lgan yangi avtomobil yo‘lini loyihalashtirish ham boshlanadi.
Prezident, shuningdek, sentyabr oyida Toshkent va Andijon o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilganini eslatdi. Natijada ikki shahar o‘rtasidagi yo‘l vaqti olti soatdan to‘rt soatga qisqardi.