Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar hokimligi Raqamli rivojlanish departamenti vakillari Gonkong Ilmiy va texnologik parklar korporatsiyasi (HKSTP) hamda korporatsiya rezident kompaniyalari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv 25 sentyabr kuni ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda HKSTP, shuningdek, Showmac, eSIX va Cogniser kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tomonlar raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajriba, Smart City texnologiyalarini Toshkent sharoitiga moslashtirish imkoniyatlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Gonkong kompaniyalari vakillari o‘zlarining texnologik ishlanmalarini taqdim etdi. Xususan, eSIX 4G va 5G tarmoqlari, optik tolali va sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalarini birlashtiruvchi uzluksiz va himoyalangan aloqa yechimlarini namoyish qildi. Ular transport, videokuzatuv tizimlari, kommunal va boshqa shahar infratuzilmasi sohalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Cogniser kompaniyasi shahar tizimlarini boshqarish, xavfsizlikni taʼminlash, taʼlim sohasi va sanoat monitoringi uchun sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni taqdim etdi.
Showmac kompaniyasi sunʼiy intellekt, axborot-kommunikatsiya va telekommunikatsiya texnologiyalarini uyg‘unlashtirgan intellektual qurilmalar va taʼlim yechimlarini namoyish qildi.
Uchrashuvda taqdim etilgan texnologiyalarni Toshkentning raqamli boshqaruv tizimlari, transport va shahar infratuzilmasi, taʼlim, xavfsizlik hamda monitoring tizimlariga integratsiya qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Istiqbolli yechimlarni dastlab pilot tartibida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Sinov natijalariga ko‘ra, ularni shahar infratuzilmasining tegishli sohalarida yana-da kengroq joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqilishi mumkin.