Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzurida inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz taʼlim strategiyasining umummilliy konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuziladi.
Ishchi guruhni tuzish mamlakat Prezidenti tomonidan Taʼlim va fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmon imzolanishi chog‘ida belgilab berilgan taʼlim tizimini rivojlantirishga yangi yondashuvlar doirasida nazarda tutilgan.
Ishchi guruh bozor ehtiyojlarini hisobga olishi, taʼlim sifatini oshirishga, raqobatni rivojlantirishga va xususiy sektorning sohadagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi lozim bo‘lgan konsepsiyani tayyorlashga eʼtibor qaratadi.
Ishchi guruhga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.
Uning tarkibiga taʼlim muassasalari va samarali taʼlim tizimlarini yaratish tajribasiga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlarni kiritish rejalashtirilgan.
Ishchi guruhni shakllantirish inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz taʼlim tizimiga yondashuvlarni ishlab chiqish jarayonida biznes vakillari, akademik hamjamiyat hamda soha ekspertlarining ishtirokini taʼminlashga qaratilgan.