Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Xitoy antropologiya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Xitoy antropologiya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Xitoy antropologiya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda / Foto: Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti va Xitoy Fanlar akademiyasining Pekindagi Umurtqali paleontologiyasi va paleoantropologiya instituti (IVPP) ilmiy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.

Kelishuv besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, paleolit arxeologiyasi, qadimgi DNK va oqsillar, paleoantropologiya, shuningdek, qadimgi tabiiy muhitni o‘rganish sohalarida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishni nazarda tutadi.

Hamkorlik doirasida O‘zbekiston hududida ekspeditsiyalar tashkil etish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy maqolalar tayyorlash va konferensiyalar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Antropologiya instituti ilmiy xodimlari va doktorantlari uchun IVPP laboratoriyalarida har yili bir oydan ikki oygacha davom etadigan ilmiy stajirovkalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Paleontologiya va paleoantropologiya sohasidagi yetakchi ilmiy muassasalardan biri hisoblangan IVPP bilan hamkorlik O‘zbekistonda antropologiya sohasidagi tadqiqotlarni yana-da rivojlantirishga qaratilgan.

Kelishuv, shuningdek, zamonaviy tadqiqot usullarini o‘zlashtirish, yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish va xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirishni nazarda tutadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.