Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Tanzaniya parlamentlarida hamkorlik guruhlari tuziladi

O‘zbekiston va Tanzaniya parlamentlarida hamkorlik guruhlari tuziladi
O‘zbekiston va Tanzaniya parlamentlarida hamkorlik guruhlari tuziladi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmatiO‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva Tanzaniyada bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Tanzaniya Birlashgan Respublikasi Milliy assambleyasi Spikeri Mussa Azzan Zungu bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Tanzaniya o‘rtasidagi siyosiy va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida Tanzila Narbayeva tanzaniyalik tomonni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xabardor qildi. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, investitsiya muhitini yaxshilash va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xususiy sektor faolligini oshirish va iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Tanzaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunike loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Tanzaniya Milliy assambleyasi Spikeri hujjatni qabul qilish jarayonini jadallashtirishga faol ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Hujjat qabul qilingach, ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo munosabatlarni yana-da rivojlantirish uchun huquqiy va siyosiy asos yaratiladi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston va Tanzaniya parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni izchil rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

Parlamentlararo muloqotni institutsional jihatdan mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat parlamentlarida hamkorlik guruhlarini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.