Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 21 oktyabr kuni Toshkent Botanika bog‘ida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan Formula 35 ilmiy festivali bo‘lib o‘tadi.
Tashrif buyuruvchilarni to‘qqizta interaktiv ilmiy hudud, tajribalar va maʼrifiy o‘yinlar kutib turibdi. Tadbir kuni Botanika bog‘iga kirish bepul bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Festivaldan ko‘zlangan maqsad maktab o‘quvchilarining fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar, innovatsion texnologiyalar va amaliy tadqiqot faoliyati bilan tanishtirishdan iborat.
Dasturdan kimyoviy tajribalar, astronomik kuzatuvlar, mantiqiy va matematik o‘yinlar o‘rin olgan. Ishtirokchilar, shuningdek, tabiat, biologik olam va inson organizmining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ko‘proq maʼlumot olishlari mumkin.
Interaktiv ilmiy maydonchalardan tashqari, tashrif buyuruvchilarni multimediali kvestlar va adabiy viktorinalar ham kutib turibdi.
Ilmiy hududlar ikki vaqt oralig‘ida, soat 10:00 dan 13:00 gacha va 14:00 dan 17:00 gacha faoliyat yuritadi. Yakuniy viktorinalar va interaktiv tanlovlar esa soat 17:00 dan 17:30 gacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.