Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Moʻgʻuliston a poytaxti Ulan-Bator shahrida oʻtkazilayotgan Butunjahon ayol parlament aʼzolari forumida ishtirok etdi.
Forum doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari qator xalqaro muloqot maydonlarida xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish, ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash hamda ushbu jarayonda fuqarolik jamiyati va xususiy sektorning oʻrni kabi masalalar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Jumladan, Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Kozixonova hamda Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sayyora Abdikarimova forumning parallel panel sessiyalarida maʼruza bilan qatnashdi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Moʻgʻuliston Buyuk Davlat Xurali deputati, Moʻgʻuliston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik boʻyicha parlament guruhi raisining oʻrinbosari S. Monxbat bilan uchrashdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda parlamentlararo guruhlar faoliyatini jonlantirish, sohaviy qoʻmitalar oʻrtasida muntazam muloqot va tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.