Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 10 oktyabr kuni Er-Riyoddagi Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroportning 3-terminaliga qilingan hujum oqibatida O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi yengil jarohat oldi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev maʼlum qildi.
1977 va 1997 yillarda tug‘ilgan jabrlanuvchilarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatildi. Shundan so‘ng ular Diriyah Hospital shifoxonasiga olib borildi. Tekshiruv va zarur tibbiy muolajalardan keyin har ikki bemor shifoxonadan javob berildi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida aeroportda bo‘lgan O‘zbekistonning yana qariyb 20 nafar fuqarosi jabrlanmagan.
Fayziyevning taʼkidlashicha, O‘zbekistonning Er-Riyoddagi elchixonasi Saudiya Arabistonining vakolatli organlari bilan birgalikda vaziyatni kuzatib bormoqda, mamlakat fuqarolari bilan aloqada bo‘lib, zarur konsullik yordamini ko‘rsatmoqda.