Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi lideri Alisher Qodirov o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun o‘lim jazosini joriy etishni yoqlab chiqdi.
Bu bayonot Namangan viloyatida bolalar bog‘chasi xodimi besh yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda gumonlanayotgan shov-shuvli voqeadan so‘ng yangradi.
Alisher Qodirov ayrim toifadagi jinoyatchilarning jamiyat uchun xavf tug‘dirishini, uning fikricha, uzoq muddat qamoqda saqlash har doim ham ularning tuzalishini kafolatlamasligini bildirdi.
U, shuningdek, bunday shaxslarning jamiyatga qaytarilishi yangi og‘ir jinoyatlar sodir etilishi xavfini keltirib chiqarishi mumkinligini taʼkidladi.
Partiya rahbari qasddan odam o‘ldirish, ayniqsa, bolalarga nisbatan sodir etilgan qotilliklar uchun o‘lim jazosini qo‘llash masalasi bo‘yicha ham fikr bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrimlar umrbod ozodlikdan mahrum qilishni yetarli jazo deb hisoblaydi, boshqalar esa o‘lim jazosini yangi jinoyatlarning oldini olish va ehtimoliy jinoyatchilarni tiyib turish chorasi sifatida ko‘radi.
Qodirov ayrim toifadagi jinoyatlarga nisbatan alohida yondashuv qo‘llash zarurligini taʼkidlab, uning fikricha, bolalarga qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslar jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin jamiyatga qaytishi mumkin bo‘lgan vaziyatga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirdi.
Avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Namangan viloyatida sodir bo‘lgan voqeaga izoh berib, aybdorlarga nisbatan imkon qadar qatʼiy jazo qo‘llash zarurligini bildirgan edi.
U amaldagi qonunchilikda bunday jinoyatlar uchun o‘lim jazosi nazarda tutilmaganini taʼkidlab, tegishli o‘zgartishlar kiritish va javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlanayotganini maʼlum qilgan.
O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008 yil 1 yanvardan rasman bekor qilingan. Uning o‘rniga jazoning istisno chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish joriy etilgan.