Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklariga qarz oluvchi va uning oilasi doimiy yashaydigan yagona uy-joyni garovga qabul qilishda fuqarolar manfaatlari va ehtimoliy ijtimoiy oqibatlarni hisobga olish bo‘yicha tavsiyalar yubordi.
Banklarga bunday holatlarda, avvalo, mijozning kreditni qaytarish qobiliyatini baholash tavsiya etildi. Taʼminot sifatida taqdim etilayotgan uy-joyning qiymati va likvidligi kredit berish to‘g‘risida qaror qabul qilishda asosiy omil bo‘lmasligi kerak. Imkon bo‘lgan taqdirda, banklarga taʼminotning muqobil usullarini ko‘rib chiqish tavsiya etilmoqda.
Kredit shartnomasi tuzilishidan oldin mijozga kreditni qaytarmaslikning ehtimoliy oqibatlari, jumladan, garovga qo‘yilgan yagona uy-joy undiruvga qaratilishi va keyinchalik sotilishi mumkinligi tushunarli shaklda tushuntirilishi tavsiya etilmoqda.
Tavsiyalar fuqaro o‘zining yagona uy-joyini boshqa shaxs yoki tadbirkorning krediti bo‘yicha garovga qo‘ygan holatlarga ham taalluqli. Agar qarz qaytarilmasa, hatto uy-joy egasining o‘zi kredit oluvchi bo‘lmasa ham, unga tegishli uy-joy undiruvga qaratilishi mumkin.
Muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda, banklarga undiruv choralarini qo‘llashdan oldin qarz oluvchining moliyaviy holatini o‘rganish tavsiya etilmoqda. Bunday vaziyatlarda kreditni restrukturizatsiya qilish yoki qarzdorlikni tartibga solishning boshqa usullarini ko‘rib chiqish ham taklif etilmoqda.
Markaziy bank tavsiyalar yagona uy-joydan garov sifatida foydalanishni taqiqlamasligini taʼkidladi. Ularning maqsadi mijozlarning to‘lov qobiliyatini lozim darajada baholash, ehtimoliy oqibatlar haqida oldindan xabardor qilish va masʼuliyatli kreditlash amaliyotini rivojlantirishdan iborat.