Moliya

O‘zbekistonda biznes uchun ijtimoiy soliq imtiyozlarini bekor qilish taklif etildi

O‘zbekistonda biznes uchun ijtimoiy soliq imtiyozlarini bekor qilish taklif etildi
O‘zbekistonda biznes uchun ijtimoiy soliq imtiyozlarini bekor qilish taklif etildi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi biznesga yangi ijtimoiy soliq imtiyozlarini berishni to‘xtatish va amaldagi qo‘llab-quvvatlash choralarini 2030 yildan boshlab to‘liq bekor qilishni taklif qildi.

Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan tahlil imtiyozlarni bekor qilish korxonalar uchun yana-da teng va raqobatbardosh sharoitlarni yaratishini ko‘rsatgan. Hozirda minglab kompaniyalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha yoki nol darajagacha pasaytirilgan.

Vazirlikda amaldagi tizim pensiya sug‘urtasini moliyalashtirishda tafovutlarni yuzaga keltirayotgani qayd etilgan. 2025 yilda 65 mingta korxona ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘lgan. Taqdim etilgan qo‘llab-quvvatlashning umumiy hajmi 3,2 trln so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, soliq yukining kamaytirilishi biznes xarajatlarini qisqartirsa-da, xodimlar oldidagi pensiya majburiyatlari saqlanib qoladi. Shu munosabat bilan vazirlik barcha korxonalar uchun ijtimoiy soliqning yagona stavkasiga o‘tishni taklif qilmoqda.

Biznesni qo‘llab-quvvatlashni ijtimoiy soliqdan ozod qilish hisobiga emas, balki davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish orqali amalga oshirish taklif etilmoqda.

Vazirlik rejasiga ko‘ra, bunday yondashuv ish haqi darajasi bir xil bo‘lgan xodimlar uchun qayerda ishlashidan qatʼi nazar, ijtimoiy soliqni to‘lash va pensiya huquqlarini moliyalashtirishda bir xil sharoitlarni taʼminlash imkonini beradi.

Ijtimoiy soliqdan tushumlar Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Hozirgi vaqtda jamg‘arma daromadlari pensiya to‘lovlari uchun xarajatlarni to‘liq qoplamayapti. Shu sababli davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligida ijtimoiy soliq imtiyozlarining bekor qilinishi Pensiya jamg‘armasiga tushumlarni oshirishi va davlat byudjetiga tushayotgan yukni kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.